Asrayman har bir soch tolalarini, Yuragimga yutib nolalarini, Ularsiz men uchun dunyo qorong'u- Ollohim asragin bolalarimni!
Gohida ishimdan ortmay qolaman, Shirin diydoriga to'ymay qolaman, Olisda sog'inib o'yga tolaman, Ollohim asragin bolalarimni!
Orzuyim, umidim shulardan axir, Gulday farzand bilan siyladi taqdir, Yarimta dard yetsa ezilib og'ir, Ollohim asragin bolalarimni!
Dardlarim ko'ksimga qadab yashadim, Boshimga tosh tushsa chidab yashadim, Dilimdan har g'amni haydab yashadim, Ollohim asragin bolalarimni!
Ko'zimning qorasi, umrim mazmuni, Oilam qasrining shular ustuni, Bu dunyoda yashab angladim shuni, Ollohim asragin bolalarimni!
Yechdim dildan qancha tugunlarni men, Ko'z yoshda o'tkazdim ko'p tunlarni men, Qancha yillar kutdim bu kunlarni men, Ollohim asragin bolalarimni!
Ahad Qayum degan ism bir tomon, Farzandlarim esa katta bir qo'rg'on, Axir ular bilan baxtim charog'on, Ollohim asragin bolalarimni!
Asrayman har bir soch tolalarini, Yuragimga yutib nolalarini, Ularsiz men uchun dunyo qorong'u- Ollohim asragin bolalarimni! www.SHERLARUZ.CoM - Saytdan olindi!
Sizga yoqgan bo'lsa ovoz bering ↓
Do'stlaringizga yuboring:
|